Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida Janubiy Surxon suv ombori hududida yirik ekoturistik majmua barpo etiladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha uchun 15,7 gektar yer ajratilgan bo‘lib, uning qiymati 140 milliard so‘mga baholanmoqda. Majmua tabiiy muhitni muhofaza qilish talablarini hisobga olgan holda quriladi. Joylarda yashil hududlar, ekologik yo‘llar va muhandislik infratuzilmasi yaratiladi, oqova suvlarni tozalash tizimi joriy etiladi.
Suv ombori hududida kottejlar, basseyn, avtoturargoh va avtoyuvish shoxobchasi, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ovqatlanish obyektlari, shuningdek, suvdagi shiyponlar joylashadi. Sport va bolalar maydonchalari, piyodalar yo‘laklari qurish, baliq yetishtirish va keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ko‘zda tutilgan.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov yangilangan loyiha bilan tanishib, ajratilgan yer maydonlarini ko‘zdan kechirib, qurilish va obodonlashtirish ishlarini bosqichma-bosqich, tizimli ravishda boshlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Janubiy Surxon suv ombori bundan 58 yil oldin ishga tushirilgan. U dengiz sathidan 408 metr balandlikda joylashgan bo‘lib, suv yuzasining maydoni 65 kvadrat kilometrni, umumiy hajmi 800 million kub metrni tashkil etadi.