DXX xodimlari Migratsiya agentligining pora bilan qo‘lga tushgan ikki nafar xodimini aniqladi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.

Migratsiya agentligi Namangan viloyati boshqarmasi bosh mutaxassisi o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, bir guruh fuqarolarning ishonchiga kirib, ularni Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va’da qilgan. U 41 ming dollar olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Tergovga qadar tekshiruvda u agentlik markaziy apparati bosh mutaxassisi bilan hamkorlikda jinoiy faoliyat bilan shug‘ullangani aniqlangan. Keyinroq u ham yuqoridagi puldan 15 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Ikkala amaldor ham 2024-yilda 80 dan ortiq fuqarodan Janubiy Koreyaga yuborish uchun 700 ming so‘mdan ortiq mablag‘ olgan, biroq haligacha va’dalarini bajarmagan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoiy guruhning qolgan a’zolarini aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.