Samarqanddagi Kongress markazida Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Siyosiy muloqot va madaniy-gumanitar almashinuvni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Diplomatik munosabatlar tarixidagi ilk oliy darajadagi tashrif ikki tomonlama hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi va uni keng qamrovli sheriklik darajasiga ko‘tarishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va ko‘p qirrali amaliy hamkorlik munosabatlari mustahkamlanib borayotgani, ikki mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar strategiyalari o‘xshashligi qayd etildi.

Yetakchilar Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida samarali hamkorlik olib borilayotganini mamnuniyat bilan qayd etib, tashabbuslarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni faol davom ettirish zarurligini ta’kidladi.

Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi konstruktiv muloqotni va idoralar o‘rtasidagi yaqin aloqalarni davom ettirish zarurligi qayd etildi.

Ikki tomonlama savdo ko‘rsatkichlarini karrasiga oshirish, qo‘shma investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini amalga oshirishga tayyorlik tasdiqlandi.

Kimyo va to‘qimachilik sanoati, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, geologiya, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, turizm va boshqa tarmoqlarda kooperatsiyani kengaytirishga kelishib olindi.

Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashini ishga tushirib, joriy yil yakunigacha ularning ilk yig‘ilishlarini o‘tkazish taklifi bildirildi. Ikki mamlakatning yetakchi kompaniya va ishlab chiqaruvchilari ishtirokida O‘zbekiston–Iordaniya biznes forumining o‘tkazilishi ishbilarmon doiralar o‘rtasida uzoq muddatli sheriklik aloqalarini o‘rnatishga xizmat qiladi.

Madaniy, ta’lim va turizm sohalaridagi almashinuvlarni, shu jumladan qo‘shma madaniyat haftaliklari, konsertlar, ekspozitsiya va ko‘rgazmalar o‘tkazish orqali yanada faollashtirishga tayyorlik bildirildi.

O‘zbekiston va Iordaniya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari uzoq tarixga ega bo‘lib, bugungi kunda yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, umumiy ma’naviy merosni birgalikda o‘rganish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat islomshunoslik markazlari va institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar bag‘rikeng va ma’rifatli islom g‘oyalarini birgalikda ilgari surish zarurligi haqida yakdil fikrga keldilar. Davlat rahbari Podshoh Abdulla II tomonidan bundan 10 yil oldin boshlangan “Aqaba jarayoni” tashabbusini yuqori baholab, ushbu muhim tashabbusning navbatdagi yig‘ilishlaridan birini Samarqand shahrida o‘tkazishni taklif etdi.

Ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi va vizasiz rejim joriy qilinishi ishbilarmonlik aloqalari va o‘zaro sayyohlar oqimining ko‘payishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Muzokaralar yakunida Podshoh Abdulla II ibn al-Husayn davlat rahbarini Iordaniyaga tashrif bilan borishga taklif qildi. Davlat rahbarlari Sheriklik munosabatlarini mustahkamlash to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qildi.

Umuman, tashrif doirasida 15 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi, jumladan:

  • Ekstraditsiya to‘g‘risida bitim;
  • Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida bitim;
  • Qo‘shma komissiya tuzish to‘g‘risida bitim;
  • Viza talablarini bekor qilish to‘g‘risida bitim;
  • Oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bayonnoma;
  • Tovarlar va transport vositalari harakati to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumotlarni onlayn almashish to‘g‘risida bayonnoma;
  • Qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • O‘simliklar karantini va himoyasi sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Veterinariya sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohasida memorandum;
  • din ishlari bo‘yicha anglashuv to‘g‘risida idoralararo memorandumlar;
  • Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi.