O‘zbekistonda ishsizlar va kam ta’minlanganlarga kasb yoki tilni bepul o‘rganish uchun vaucherlar beriladi. Bu haqda hukumat qarorida aytilgan.
Hujjat bilan ishsiz shaxslarga, shu jumladan, kam ta’minlangan oilalar reyestriga kiritilgan oila a’zolariga, shuningdek, rasmiy daromadga ega bo‘lmagan ish qidirayotgan shaxslarga kasb-hunarga va chet tillariga o‘qitish xarajatlarini vaucher asosida kompensatsiya qilish tartibi joriy etilmoqda.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimida ecosys.mehnat.uz saytida bunday fuqarolarni vaucher asosida o‘qitadigan ta’lim tashkilotlarining elektron reyestri yuritiladi.
Vaucher olish uchun fuqaro vazirlikning tuman (shahar) bo‘limlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, mahallalardagi hokim yordamchilari orqali, shuningdek, ecosys.mehnat.uz tizimi orqali ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
Tuman (shahar) bo‘limlari bir kun muddatda talabgorga mutaxassisligiga qarab mavjud bo‘sh ish o‘rinlarini taklif qiladi. Agar fuqaroning mutaxassisligi bo‘lmasa yoki taklif qilingan ish unga to‘g‘ri kelmasa, vaucher berish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Bunda talabgor ecosys.mehnat.uz tizimida skoringdan o‘tadi va belgilangan toifalarga mansub bo‘lsa, vaucher olish huquqiga ega bo‘ladi. Vaucherni 3 oy davomida ishlatish kerak. U fuqaroga kasb-hunar yoki chet tilini bir marta bepul o‘rganish huquqini beradi.