O‘zbekistonda Sudyalar oliy maktabi negizida Odil sudlov akademiyasi tashkil etiladi. Bu haqda prezident farmonida aytilgan.

Bunda ta’lim jarayoni “ustoz-shogird” an’anasi asosida “boʻlajak sudyani sudya oʻqitadi” tamoyiliga muvofiq amalga oshiriladi. 2025-yil 1-oktyabrdan boshlab sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash akademiyaning olti oylik kasbiy qayta tayyorlash kurslarida sudyalik mutaxassisliklari bo‘yicha davlat granti asosida tashkil etiladi.

Kasbiy qayta tayyorlash kurslariga qabul qilingan shaxslar uchun asosiy ish joyi bo‘yicha egallab turgan lavozimi saqlab qolinadi, shuningdek har oyda sudya yordamchisining oylik ish haqi fondi miqdorida stipendiya to‘lanadi.

Tuman (shahar) va viloyat sudlarida tegishli rahbarlik lavozimlariga zaxirada turgan sudyalar ikki oygacha muddatga mo‘ljallangan rahbar kadrlarni qayta tayyorlash kurslarida o‘qitiladi.

Akademiyada 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab “Sud faoliyati” mutaxassisligi bo‘yicha amaliy magistratura dasturi asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.