Rossiyada “Yangi odamlar” partiyasi deputatlari Rossiya fan va oliy ta’lim vaziriga xat yo‘llab, migrantlar uchun imtihonni ayollar bilan muloqot qilish me’yorlariga bag‘ishlangan bo‘lim bilan to‘ldirishni taklif qildi. Bu haqda TASS nashri yozmoqda.
2024-yilda Rossiya Federatsiyasida ma’muriy chiqarib yuborish, deportatsiya va readmissiya to‘g‘risida 190 mingta qaror qabul qilingan, bu 2023-yilga nisbatan 93,8 mingtaga ko‘pdir. Buning sabablari orasida jamoat tartibini buzish holatlari, jumladan, “ayollarga nisbatan haqoratli va hurmatsiz munosabatda bo‘lish, tegajog‘lik va shilqimlik holatlari” tobora ko‘payib bormoqda.
Deputatlarning fikricha, migrantlarda ayollarga nisbatan madaniy va huquqiy me’yorlar to‘g‘risida asosiy bilimlarni shakllantirishga qaratilgan profilaktika choralarini ko‘rish zarur. Ular chet el fuqarolari uchun rus tili, tarixi va Rossiya Federatsiyasi qonunchiligi asoslari bo‘yicha imtihonni Rossiyada ayollar bilan muloqot qilish me’yorlariga bag‘ishlangan majburiy bo‘lim bilan to‘ldirishni taklif qilmoqda.
“Chet el fuqarosi ayollar bilan muomala qilish normalarini, shu jumladan tegajog‘lik va shilqimlik uchun huquqiy oqibatlarni bilishi shartligi to‘g‘risidagi qoidani qo‘shish zarur”, — deyiladi hujjatda.
Mualliflarning so‘zlariga ko‘ra, chet el fuqarolari har qanday shakldagi tazyiq yoki yopishqoq xatti-harakatlar ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida xabardor qilinishi kerak.
Deputatlarning fikricha, taklif etilayotgan tashabbusning amalga oshirilishi nizoli vaziyatlar sonini kamaytirishga, jamoat joylarida xotin-qizlarning xavfsizligi va himoyalanganligi darajasini oshirishga, jamiyatning davlat migratsiya siyosatiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga imkon beradi.