Iordaniya podshohining davlat tashrifi doirasida Shavkat Mirziyoyevni Iordaniyaning “An-Nahda” (“Renessans”) ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ushbu mamlakatning oliy mukofotini davlat rahbariga Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi podshohi Abdulla II ibn al-Husayn shaxsan topshirdi.

“Ushbu mukofotni ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi umumiy sa’y-harakatlarimizning munosib e’tirofi, shuningdek, mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratayotgan O‘zbekiston xalqiga do‘stona munosabat va hurmat ifodasi sifatida katta mamnuniyat bilan qabul qilaman”, — dedi prezident.

Iordaniya qirolining O‘zbekistonga tarixiy tashrifi va samarali muzokaralar natijasida mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar yangi sheriklik darajasiga ko‘tarildi.

Yetakchilar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishga kelishib oldi.

Davlat rahbari podshoh Abdulla II ibn al-Husayn Iordaniyaning jadal rivojlanishiga, mamlakatning tinchliksevar tashqi siyosatini amalga oshirishga, xalqaro hamjamiyatdagi nufuzi va ta’siri yuksalishiga qo‘shgan hissasini alohida qayd etdi.