Shavkat Mirziyoyev 27-avgust kuni O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qurilish maydoni bilan tanishish chog‘ida prezidentga binoning loyihasi, o‘ziga xos xususiyatlari va qurilish bosqichlari haqida ma’lumot berildi.
Muzey Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi shafeligida Yaponiyaning “Tadao Ando Architect & Associates” arxitektura byurosi hamda Germaniyaning “Atelier Brückner” kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan. Uning tashqi qiyofasi aylana, to‘rt burchak va uch burchak shaklida bo‘lib, Sharq va G‘arb madaniyatini o‘zida uyg‘unlashtiradi. Majmua 3 qavatli muzey, 2 qavatli yerto‘la hamda yordamchi binolardan iborat bo‘ladi. Xitoyning “CSCEC International Construction” kompaniyasi tomonidan quriladi.
Toshkentda ushbu muzey qurilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Milliy bog‘i yaqinidagi maydonga madaniyat va san’at namoyandalari, olimlar va adiblar, nuroniylar, jamoatchilik vakillari yig‘ildi.
Prezident yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan tabriklab, quyidagilarni ta’kidladi:
“Hamma sohada rivojlanish bilan birga qadriyatlarimizni tiklashga harakat qilyapmiz. Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy majmuasi, Olimpiya shaharchasi kabi ulkan inshootlar quryapmiz. Buning zamiridagi asosiy maqsad shuki, bu binolar xalqimizga mulk bo‘lib qolishi kerak. Mana endi yana bir tarixiy majmua — O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishini boshlayapmiz.
Bu muzey uch ming yillik boy tariximizni odamlarga, dunyo hamjamiyatiga va kelajak avlodga yetkazadigan ilm-ma’rifat va madaniyat maskani bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qayd etilganidek, bugungi kunda Toshkent shahridagi 30 ta muzeyda 1 milliondan ziyod eksponat saqlanmoqda. Shundan 100 mingtasi Davlat san’at muzeyiga tegishli bo‘lsa-da, atigi 2,4 mingtasi ko‘rgazmaga qo‘yilgan. 97 mingdan ortiq noyob asarlar ko‘rgazma maydonlari yetishmasligi sababli zaxiralarda saqlanmoqda.
“Markaziy Osiyo, Xitoy, Yaponiya, Hindiston va Yevropa davlatlari madaniyatini o‘zida aks ettirgan bu noyob san’at asarlari nafaqat bizning, balki butun insoniyatning beqiyos boyligi. Ularni asrab-avaylab, kelgusi avlodlar uchun beshikast yetkazish, dunyo ommasiga namoyish qilish orqali mamlakatimizning boy tarixi va madaniyatini tarannum etish barchamizning muqaddas burchimiz”, — deya ta’kidladi prezident.
Bunday ulkan muzey mamlakatimiz tarixida birinchi marta barpo etilmoqda. Uning umumiy maydoni 40 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Ko‘rgazma zallari, kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari va omborxonalarda eng zamonaviy sharoitlar yaratiladi. Bu poytaxt muzeylaridagi tarqoq eksponatlarni – qadimiy va zamonaviy san’at asarlari, tarixiy ashyolarni bir joyga jamlash imkonini beradi. Bu yerda bir vaqtning o‘zida 10 mingtagacha eksponat namoyish etiladi.
Bundan tashqari, 4 ming kvadrat metr maydonda konferensiya zallari, auditoriyalar, restoranlar va bolalar maydonchalari bo‘ladi. Muzey foydalanishga topshirilgach, Abulqosim madrasasi, Xalqlar do‘stligi saroyi va O‘zbekiston Milliy bog‘i bilan yagona me’moriy kompozitsiyani tashkil etadi. U vatandoshlar va xorijlik mehmonlar uchun jozibador tematik turizm markaziga aylanadi.
Kelgusida Luvr, Metropoliten muzeyi, Britaniya muzeyi va boshqa jahonga mashhur muassasalar bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatib, ko‘rgazmalar tashkil etish, noyob eksponatlarni olib kelish rejalashtirilgan.
“Ishonchim komil, yangi barpo etiladigan majmua mamlakatimizning jahon tarixi va taraqqiyotida tutgan o‘rnini yanada yorqinroq ko‘rsatadi. Bir yil emas, o‘n yil emas, ko‘p yillar davomida xalqimizga xizmat qiladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev so‘zining yakunida.
Davlat rahbari uning poydevoriga kapsula qo‘yib, qurilishga rasman start berdi.