Toshkentda dori-darmonlarni qalbakilashtirish va sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh fosh etildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.

Jinoyatchilar biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kompaniyaga tegishli binoda ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari 11 ta dori ishlab chiqarish uskunasi, 21 ta tabletka shaklini musodara qildi. Shuningdek, umumiy og‘irligi 389 kg bo‘lgan kukun va tabletkalar topildi. Musodara qilinganlar orasida «Raykal» rusumli pnevmatik qurol ham bor edi.

Ikkinchi xonada ham yashirin sex bor edi. Xonadan dori tayyorlash uchun uskunalar, bo‘sh kapsulalar, qutilar, yo‘riqnomalar va kukun ko‘rinishidagi xomashyolar topildi. Bularning barchasi protsessual tartibda rasmiylashtirildi.

Sexda «Ursosan 250 mg», «Neyromidin 20 mg» va «Fanigan» dori preparatlari soxtalashtirilar edi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari «Fanigan»ni soxtalashtirish uchun 130 kilogramm substansiya yetkazib berilayotgan dorixonani tekshiruvdan o‘tkazdilar. U yerda «Fanigan», «Azimak», «Siprolet» kabi 15 turdagi 1067 quti soxta dori vositalari aniqlandi. Bundan tashqari, DXX xodimlari 14 turdagi 274 quti muddati o‘tgan dori vositalarini musodara qildilar.

Yashirin sexning uch nafar tashkilotchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 2-qismi «b» va «g» bandlari (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish, juda ko‘p miqdorda va oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov olib borilmoqda.