25-avgustdan boshlab Toshkentda mamlakatdagi birinchi tibbiy chiqindilarni issiqlik energiyasiga qayta ishlash zavodi ish boshladi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Obyekt Chilonzor tumanidagi 16-shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasi negizida ishga tushirildi. Birinchi bosqichda loyihaga 7 million dollar sarmoya kiritilgan bo‘lib, yiliga 6 ming tonnagacha chiqindini qayta ishlash va soatiga 20 gigavattgacha energiya ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Ikkinchi bosqichdan (2026-2030-yillar) boshlab investitsiyalar 108 million dollarni tashkil etadi, quvvatlar esa soatiga 90 ming tonna va 300 gigavattgacha oshadi. EKO-300 yondirgichi 950-1100 daraja haroratda soatiga 300 kilogrammgacha chiqindini yo‘q qiladi. Ko‘p bosqichli tozalashdan so‘ng atmosferaga aralashmalarsiz havo chiqadi, issiqlik esa kasalxona ehtiyojlariga yo‘naltiriladi. Korxonada 60 ish o‘rni yaratilgan.