Shavkat Mirziyoyev mamlakat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan 523 nafar mahkumni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanali xabar bermoqda.
Shundan 195 nafari jazodan to‘liq ozod etildi, 147 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 87 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. 94 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Afv etilganlarning 8 nafarini chet davlat fuqarolari, 45 nafarini ayollar, 31 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 220 nafarini 30 yoshgacha bo‘lgan mahkumlar, jumladan, 1 nafarini voyaga yetmagan shaxslar, 15 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki uchun sudlangan shaxslar tashkil etadi.
Qayd etilishicha, afv etilganlar profilaktik va probatsiya hisobiga olinadi. Ularga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi, zarur hollarda tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi va davolanadi, ishga joylashishda, kredit va subsidiyalar olishda, hujjatlar va pensiyalarni rasmiylashtirishda ko‘maklashiladi.