2025-yil yakuniga qadar Toshkent metropolitenining barcha bekatlarida kassalar yopiladi va kassir lavozimi to‘liq tugatiladi. Bu haqda Metropoliten matbuot xizmati xabar bermoqda.

Kassir lavozimidagi xodimlarga bo‘lgan ehtiyoj asta-sekin kamayib bormoqda. Shu munosabat bilan 204 nafar kassir ishdan bo‘shatildi. 2025-yil oxirigacha metropolitenning barcha bekatlarida avtomatlashtirilgan bankomatlar o‘rnatish rejalashtirilgan. Kassir va katta kassir lavozimlari to‘liq tugatiladi.

Ishdan bo‘shatilgan xodimlar uchun kasbiy qayta tayyorlash kurslarida ishtirok etish taklif etiladi. Ular buxgalteriya, tikuvchilik, qandolatchilik va boshqa yo‘nalishlardan birini tanlashlari mumkin bo‘ladi. O‘qish uchun to‘lovni Metropoliten qoplaydi.

“Ushbu tashabbusning asosiy maqsadi qisqartirish jarayonida bo‘lgan xodimlarni qo‘llab-quvvatlash va yangi kasbni o‘zlashtirish orqali ular uchun barqaror daromad manbai yaratishdir”, — deyiladi xabarda.