Andijonda Ekologiya boshqarmasi rahbariyati xodimi va Jalaquduq tumani hokimi o‘rinbosari pora olishda gumonlanib qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mutasaddilar fermer xo‘jaligi rahbaridan Xonoboddagi o‘ziga tegishli 10 sotixli dala hovlini hokim o‘rinbosarining qarindoshi nomiga rasmiylashtirib berishni talab qilgan. Bunday pora evaziga ular 4,1 mlrd so‘mlik zararni undirish bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritmaslikka, hukumat qaroriga ko‘ra, miqdorni 10 barobarga oshirishni talab qilmaslikka va tekshiruvni to‘xtatishga va’da bergan.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari hokim o‘rinbosarining ukasini notarius orqali turmush o‘rtog‘i nomiga uchastka rasmiylashtirayotgan vaqtida qo‘lga olgan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “g” bandi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mansabdor shaxslar qamoqqa olindi.