O‘zbekistonning Fijidagi elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov Suva shahrida mamlakat rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Xususan, bosh vazir — tashqi ishlar vaziri Stiven Rabuka bilan uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.

Sitiveni Rabuka O‘zbekistonning Fiji davlatidagi birinchi elchisining tayinlanishi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash va rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi. U siyosat, savdo, iqtisodiyot, ta’lim va turizm sohalarida hali ishga solinmagan katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidlab, hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekistondan Fijiga to‘qimachilik mahsulotlari va quritilgan mevalarni eksport qilish, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish, o‘zaro savdo missiyalarini o‘tkazish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Bosh vazir — tashqi ishlar vaziri global tinchlik, iqlim o‘zgarishi va barqaror rivojlanish masalalari bo‘yicha BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida O‘zbekiston bilan hamkorlikni mustahkamlashga tayyorligini tasdiqladi.

Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, jumladan, muhim masalalar bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazish, viza rejimini soddalashtirish va o‘zaro tashriflarni tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.

Bundan tashqari, o‘zbekistonlik diplomat Fiji bosh vaziri o‘rinbosari — turizm va fuqaro aviatsiyasi vaziri Vilyame Rogoibulu Gavaoka bilan muzokaralar o‘tkazdi. Turizm bozorini diversifikatsiya qilish, yangi sayyohlik yo‘nalishlarini yaratish, turizm xizmatlari marketingi, barqaror turizm sohasida tajriba almashish va akademik almashinuvlarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.