O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Ochiq byudjet” doirasida ovoz berish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari haqida ogohlantirdi.

Fuqarolarga norasmiy Telegram-botlar orqali ovoz berishda ishtirok etish uchun pul taklif qilinmoqda. Amaliyotda fuqarolarga pul to‘lanmayapti, vazirlikka bu kabi holatlar bo‘yicha yuzlab murojaatlar kelib tushgan.

“Uchinchi shaxslar pul yoki moddiy boylik va’da qilib, loyihalar uchun ovoz yig‘adi, keyin esa mukofot to‘lash bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmaydi”, — deyiladi xabarda.

Iqtisodiyot vazirligi rasmiy ovoz berish faqat Open Budget portali, Android va iOS uchun mobil ilovalar, shuningdek, rasmiy Telegram-bot orqali o‘tkazilishini ta’kidladi. Berilgan ovozlar uchun to‘lov undirilmaydi, moddiy rag‘batlantirish ko‘zda tutilmagan.

“Mukofotlar uchun emas, o‘zgarishlar uchun ovoz bering. Shaxsiy ma’lumotlaringizni begonalarga bermang. Firibgarlarning hiyla-nayranglariga aldanib qolmang”, — deyiladi xabarda.