Shavkat Mirziyoyev AQSH prezidentining global sherikliklar bo‘yicha maxsus elchisi Paolo Zampollini qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

AQSH ma’muriyati vakili davlat rahbariga prezident Donald Trampning O‘zbekiston Mustaqilligi kuni munosabati bilan yo‘llagan samimiy salomi va tabriklarini yetkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari batafsil ko‘rib chiqildi.

Turli darajalarda samarali muloqotlar davom etayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Konstruktiv siyosiy muloqot rivojlanmoqda, faol parlamentlararo almashinuvlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan oyda Kongressda O‘zbekiston kuni doirasidagi tadbirlar o‘tkazildi, bu yil kuzda Kengaytirilgan strategik sheriklik muloqotining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

Xavfsizlik, terrorizm, ekstremizm va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish sohalarida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

AQSH an’anaviy ravishda O‘zbekistonning muhim iqtisodiy sherigi hisoblanadi. 2024-yilda tovar ayirboshlash hajmi 15 foizga oshdi. Loyihalar portfeli 11 milliard dollardan oshadi. Joriy yil iyun oyida bo‘lib o‘tgan Toshkent investitsiya forumida AQShning 100 dan ortiq yetakchi kompaniyalari ishtirok etdi.

Mineral resurslar, aviatsiya, elektrotexnika tarmog‘i, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar, moliya, innovatsiyalar, ta’lim va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish uchun katta salohiyat mavjudligi qayd etildi.

“C5+1” formati doirasidagi mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish muhim ekani ta’kidlandi. Bo‘lajak muloqotlar va qo‘shma tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.