25-sentyabrdan O‘zbekiston fuqarolari Iordaniyaga vizasiz tashrif buyurishlari mumkin bo‘ladi. Bu haqda Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi Ahror Burhonovga tayanib, “Gazeta.uz” xabar berdi.
26-avgust kuni O‘zbekiston va Iordaniya hukumatlari viza talablarini bekor qilish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Burxonovning aytishicha, hujjat 25-sentyabrdan kuchga kiradi. O‘zbekistonliklar Iordaniyada 30 kungacha vizasiz qolishlari mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, 26-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev Iordaniya qiroli Abdulla II ibn al-Husayn bilan muzokara o‘tkazgandi. Davlat rahbarlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, vizasiz tartibni joriy etishga kelishib oldilar, Ekstraditsiya to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar, madaniyat, savdo, ta’lim sohalarida hamkorlik qilish rejalarini belgilab oldilar. Muzokaralar yakunida salmoqli hujjatlar to‘plami imzolandi.