Shavkat Mirziyoyev 29-avgust kuni “Shahidlar xotirasi” xiyobonida qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ramziy qabr yonida tarixni o‘rganish, yoshlarni tinchlik va mustaqillikka hurmat ruhida tarbiyalashning ahamiyati haqida olimlar va jamoatchilik faollari bilan suhbat bo‘lib o‘tdi.
“Har yili Mustaqillik bayrami arafasida Vatan ozodligi yo‘lida jon fido etgan ota-bobolarimiz haqlariga duo qilamiz. Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun kurashgan qahramon ajdodlarimiz jasorati biz uchun doimo ibrat maktabi bo‘lib qoladi”, — dedi davlat rahbari.
Qatag‘on yillarida 100 mingdan ortiq begunoh o‘zbekistonliklar qatag‘onga uchradi. Minglab kishilar nohaq ayblar bilan otib tashlandi, ko‘plari surgun qilindi, beva-bechoralar qoldi. Prezident o‘tgan yillarda ajdodlar xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinganini ta’kidladi.
Vatanimiz fidoyilarini ulug‘lash, xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilyapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – So‘nggi sakkiz yilda 1 ming 200 dan ziyod jafokash bobolarimiz nomi oqlandi. “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi rekonstruksiya qilinib, minglab yangi hujjatlar bilan to‘ldirildi. Hududlarda ham shunday muzeylar tashkil etildi. Bu yil jadidchilik harakatining yo‘lboshchisi Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini nishonlayapmiz. Buxoro shahrida Jadidlar merosi davlat muzeyi tashkil qilinmoqda.
Endi bularning mazmunini, “tirik” tariximizni xalqimizga kengroq yetkazish kerak. Mana, o‘tgan yildan e’tiboran, har yili oktyabrning birinchi haftasini Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi sifatida belgiladik. Bu yil ushbu tadbir Xotira va tarbiya haftaligi sifatida o‘tkaziladi. Xo‘sh, bu haftalikda xalqimizga nimalarni yetkazamiz, yoshlarimizga nimani o‘rgatamiz? Tarixchi olimlar, yozuvchi-shoirlar bilan birga buni chuqurroq o‘ylab, xalqchil, ommabop qilib yo‘lga qo‘yish kerak. Maktab va universitetlarda qo‘shimcha darslar, telekanallarda maxsus ko‘rsatuvlar berish, yoshlar o‘rtasida tanlovlar o‘tkazish mumkin.
Mustaqillik qanday buyuk ne’mat ekanini, qanday kuchli ajdodlarimiz borligini elning qon-qoniga singdirish kerak. Agar yoshlarimiz ruhan kuchli bo‘lsa, o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘yadi, fanlarniyam yaxshi o‘rganadi, yetuk shaxslar bo‘lib yetishadi, — deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Atoqli ma’rifatparvarlar hayotini o‘rganishning ahamiyati alohida ta’kidlandi. Jadidlar ko‘p sohalarda yangilik yarata oldilar: ilk o‘zbek romanlari, teatr va kino asarlari, turli fanlar bo‘yicha darsliklar yaratdi. Agar 1920-yillarda Germaniyada tahsil olgan turkistonlik talabalar qatag‘on qurboni bo‘lmaganida, ular jamiyatni o‘zgartirishi mumkin edi. Yoshlar aynan mana shu namunalarni bilishi va ular bilan faxrlanishi muhim.
Bunday ma’naviy asos milliy birlik va barqarorlikning tayanchidir. Dunyoda davlatlar mustaqilligiga tahdidlar kuchayib borayotgan bugungi kunda bu ayniqsa dolzarbdir. Bularning barchasi bizdan hamjihatlik, hushyorlik va islohotlarni izchil davom ettirishni talab etmoqda.
Yaratganga shukrlar bo‘lsinki, yurtimiz tinch, odamlar ertangi kunga ishonch bilan yashayapti. Bu — eng katta boyligimiz, — dedi prezident.
Tadbir yakunida yurtdagi tinchlik-totuvlik, farovonlik doimo mustahkam va bardavom bo‘lishini so‘rab duo o‘qildi.