Toshkent viloyatida internet orqali sintetik giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan jinoiy guruh a’zosi qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.
Avvalroq kuzatuvga olingan Qibray tumanida yashovchi 23 yoshli fuqaro «Spark» rusumli avtomashinasida giyohvandlik jinoyati tashkilotchilarining topshirig‘iga binoan Toshkent tumaniga kelib, narkokuryerlarning yashirin joyidan 4 kg 300 gr «alfa-PVP» moddasini olgan. Shu payt uni qo‘lga olishdi.
Qo‘lga olingan shaxs Toshkent shahridagi xususiy oliy o‘quv yurtining 3-bosqich talabasi hisoblanadi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) 25-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Talaba qamoqqa olindi.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari uning sheriklarini aniqlash ustida ish olib bormoqda.