Toshkent shahar hokimi “Toshkent shahridagi umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini yanada oshirish va o‘quvchilar davomatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Olmazor tumanidagi 31 ta maktabning 250 ta sinfida tajriba-sinov tariqasida “Smart school” elektron dasturi orqali ta’lim sifatini doimiy nazorat qilish tizimi joriy etiladi.

Unda o‘quvchilarning davomatini hisobga olish, ularning ruhiy-emotsional holatini sun’iy intellekt yordamida aniqlash, o‘quvchilarning fanlarga qiziqishi va o‘qituvchilarning pedagogik salohiyatini baholash nazarda tutilgan.

Shuningdek, Toshkent shahridagi umumta’lim maktablarining 10- va 11-sinf xonalari o‘quvchilarning davomatini monitoring qilish, ularning fanlarga bo‘lgan qiziqishlarini aniqlash va Smart School dasturini joriy etish orqali ta’lim sifatini oshirish uchun maxsus kameralar bilan jihozlanadi.