O‘zbekistonda iyul oyi yakunlari bo‘yicha milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi yillik 23,2 foizni tashkil etib, iyun oyiga nisbatan o‘zgarishsiz qoldi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.

Bir yilgacha bo‘lgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha oylik foiz 0,6 foizga oshib, 22,9 foizga yetdi. Uzoq muddatli kreditlar bo‘yicha stavkalar biroz pasaydi va 23,3%ni tashkil etdi. Jismoniy shaxslar uchun kreditlar biroz qimmatlashdi, ular 23,8 foiz stavkada taklif etilmoqda. Ayniqsa, qisqa muddatli kreditlar bo‘yicha stavkalar sezilarli darajada oshdi va 2020-yil bahoridan beri birinchi marta 28,6 foizga yetdi. Uzoq muddatli kreditlar o‘rtacha 23,7 foizdan olinadi.

Korporativ kreditlar biroz arzonlashdi — o‘rtacha 22,7%. Bu uzoq muddatli kreditlar bo‘yicha foizlarning 22,8 foizgacha pasayishi, bir yildan kam muddatli kreditlar bo‘yicha esa 0,6 foizga oshishi hisobiga yuz berdi.

Iyul oyida xorijiy valyutadagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavkalar biroz pasayib, yillik 9,89 foizni tashkil etdi. Biroq ular ketma-ket to‘rtinchi oy 9,9 foiz atrofida qolmoqda. Bunda muddatga qarab kreditlash segmentlari o‘rtasidagi tafovut yana kuchaydi.

Bir yil yoki undan kam muddatga berilgan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari 1 foiz bandga pasayib, 8,7 foizni tashkil etdi (2023-yil bahoridan beri eng past ko‘rsatkich), uzoq muddatli kreditlar bo‘yicha esa foiz stavkalari 2024-yil avgust oyidan beri birinchi marta 10,7 foizgacha oshdi.