Shavkat Mirziyoyev Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

O‘zbekiston yetakchisi Belarus yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, do‘st Belarus xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi. Belarus prezidenti, o‘z navbatida, O‘zbekiston yetakchisi va ko‘p millatli xalqini yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik kuni bilan samimiy tabriklab, bardavom taraqqiyot va ravnaq tiladi.

Tomonlar Aleksandr Lukashenkoning 2024-yil fevral oyida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtai nazaridan O‘zbekiston-Belarus ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Prezidentlar turli darajalardagi samarali muloqot va almashinuvlarni qayd etdi.

Tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 30 foizga oshdi. Qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, mashinasozlik, to‘qimachilik va boshqa tarmoqlarda yetakchi korxonalarning kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Parlamentlararo, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar aloqalar faol rivojlanmoqda.

O‘zbekiston va Belarus yetakchilari bo‘lajak ikki tomonlama uchrashuv va tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdi.