Petropavlovsk-Kamchatsk shahar sudi 2022-yil iyulidan 2024-yil iyunigacha noqonuniy migratsiyani tashkil etishda ayblangan O‘zbekiston fuqarosiga hukm chiqardi. Bu haqda sud matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ayblanuvchi Moskvadagi pochta bo‘limlaridan O‘zbekiston fuqarolarining pasportlarini olgan, so‘ngra shaxsiy aloqalaridan foydalanib, pasportlarga Rossiya Federatsiyasi davlat chegarasini kesib o‘tganligini tasdiqlovchi nazorat-o‘tkazish punktlarining soxta sana-shtamplarini qo‘ygan.

Bundan tashqari, u chet el fuqarolari uchun soxta nazorat-o‘tkazish punktlari shtamplari bilan yangi migratsiya kartalarini tayyorlagan, so‘ngra soxta hujjatlarni Petropavlovsk-Kamchatskiyga yuborgan, u yerda uning sherigi ko‘rsatilgan hujjatlarni olib, chet el fuqarolariga qaytargan. Sudda o‘zbekistonlik o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘ldi va qilgan ishidan pushaymon bo‘ldi.

Sud O‘zbekiston fuqarosini Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 322.1-moddasi 1-qismi va 2-qismi “a” bandida (noqonuniy migratsiyani tashkil etish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topib, umumiy tartibli koloniyada o‘tash sharti bilan 1 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.