Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston fuqarolarini mamlakat mustaqilligining 34 yilligi bilan tabrikladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Avvalo, siz, azizlarni, ko‘pmillatli butun xalqimizni, chet ellardagi vatandoshlarimizni qutlug‘ sana — O‘zbekiston mustaqilligining 34-yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Mana shu quvonchli kunlarda barchamiz bir hayotiy haqiqatni yanada chuqur anglab yetmoqdamiz. Yangi O‘zbekistonni barpo etish g‘oyasi asosida boshlangan keng ko‘lamli islohotlar tufayli bugun har bir yurtdoshimiz mustaqillik bergan huquq va erkinliklarni amalda his etmoqda va ulardan keng foydalanmoqda.

Biz ana shu ezgu g‘oyadan kelib chiqqan holda, davlatchiligimizning uch ming yillik tarixini, boy madaniyatimizning rivojlanish bosqichlarini yangicha talqin etdik. Biz Birinchi va Ikkinchi Renessans an’analarini tiklab, mamlakatimizda Uchinchi Renessans sari dadil odimlamoqdamiz, — dedi prezident.

O‘zbekiston prezidenti Yangi O‘zbekiston davlati va jamiyati bu yo‘lda shonli tarixni yangi, yanada yorqin Uyg‘onish davri bilan bog‘laydigan mustahkam ko‘prik bo‘lib xizmat qilishiga ishonadi.

Barchamiz guvoh bo‘lib turibmiz, dunyoda keskin geosiyosiy vaziyat hukm surmoqda. Bunday murakkab davrda O‘zbekistonning siyosiy yo‘li qanday bo‘lishi kerak? Shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyoda munosib o‘rin egallashimiz uchun nima qilishimiz kerak? Albatta, bunday savollar har bir yurtdoshimizni o‘ylantiradi. Hozirgi murakkab vaziyatni hisobga olib, biz bundan buyon ham mamlakatimizda mustaqillik, tinchlik, millatlar va dinlararo totuvlikni mustahkamlash uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

“Bugun O‘zbekiston ovozi mintaqaviy va xalqaro maydonda baralla yangramoqda. Mamlakatimiz ko‘plab nufuzli sammitlar, xalqaro forumlar o‘tkaziladigan dunyoning siyosiy markazlaridan biriga aylandi. Bunday forumlar O‘zbekistonning sayyoramiz xalqlarini tinchlik va hamkorlikka da’vatidir”, — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston hukumati Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishi, MDH va SHHT mamlakatlari bilan an’anaviy, ko‘p qirrali va strategik sheriklik aloqalarini kengaytirishi, shuningdek, savdo-iqtisodiy, moliyaviy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni rivojlantirishi, AQSH, Yevropa mamlakatlari va boshqa rivojlangan davlatlar bilan ko‘p qirrali sheriklik va amaliy aloqalarni mustahkamlashi qayd etildi. Hukumat demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, milliy birlik va hamjihatlikni mustahkamlashda davom etadi.

Biz, O‘zbekiston fuqarolari — yagona xalq, yagona mamlakat, yagona oilamiz. Bizning taqdirimiz va kelajagimiz, baxtimiz va yutuqlarimiz mushtarak. Har bir yurtdoshimning yutug‘i — mening yutug‘im, uning tashvishi — mening tashvishim, degan hayotiy qoidaga amal qilsak, yutuqlarimiz albatta ko‘payadi, tashvishlarimiz esa kamayadi. Afsuski, dunyoda turli tahdid va xatarlar oz emas.

“Lekin biz ularga qarshi bir tan-u bir jon bo‘lib kurashsak, albatta g‘alaba qozonamiz. Ezgu maqsad yo‘lida qo‘lni-qo‘lga berib, astoydil harakat qilsak, albatta g‘alaba qozonamiz. Ishonchim komil, har bir yurtdoshimiz zamonning ana shunday o‘tkir talablarini chuqur anglagan holda, jonajon Vatanimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona xizmat qiladi”, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev o‘zbekistonliklarni Mustaqillik kuni bilan yana bir bor tabrikladi.

“Bugungi ulug‘ ayyomda mehnatkash, bag‘rikeng xalqimizga, Yangi O‘zbekistonni barpo etishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan barcha insonlarga chin qalbimdan samimiy minnatdorlik bildirib, bosh egib ta’zim qilaman. Muhtaram yurtdoshlar! Sizlarni Mustaqillik bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklab, barchangizga eng ezgu tilaklarimni izhor etaman. Vatanimizni Yaratganning o‘zi hamisha o‘z panohida asrasin! Yurtimizdagi har bir inson, har bir oila tinchlik-xotirjamlikda, baxtu saodatda yashasin! Yashasin jonajon O‘zbekistonimiz! Yashasin O‘zbekiston xalqi!” — dedi davlatimiz rahbari.