Shavkat Mirziyoyev XXR raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 30-avgust–3-sentyabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

O‘zbekiston yetakchisi 31-avgust–1-sentyabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisi hamda Tyanzin shahrida o‘tadigan “SHHT plyus” formatidagi sammitda ishtirok etadi.

Tadbirlar kun tartibidan ustuvor yo‘nalishlarda ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish va tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirishning dolzarb jihatlari o‘rin olgan. Uning yakunida Tyanszin deklaratsiyasi, xavfsizlik, raqamli iqtisodiyot, “yashil” sanoat, energetika, turizm va boshqa sohalarda sheriklikni rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma hujjatlar va qarorlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.

2-sentyabr kuni Pekin shahrida davlat rahbari XXR Raisi Si Szinpin bilan muzokaralar o‘tkazadi, shuningdek, Xitoyning yetakchi kompaniyalari rasmiy shaxslari va rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi. O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

O‘zbekiston prezidenti 3-sentyabr kuni Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etadi.