1-sentyabrga o‘tar kechasi Afg‘onistonda kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Kamida 812 kishi halok bo‘lgan, kamida 2800 kishi jarohatlangan. Bu haqda Reuters mamlakat rasmiylariga tayanib yozmoqda.
Zilzila mahalliy vaqt bilan soat 00:17 da sodir bo‘lgan. Magnituda 6 ballni tashkil etdi, epitsentr 10 km chuqurlikda joylashgan. Asosiy vayronagarchiliklar Pokiston bilan chegaradosh sharqiy Kunar va Nangarhor viloyatlariga to‘g‘ri keldi. Tolibon ma’muriyati rasmiy vakili Zabihulla Mujohidning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar asosan ushbu ikki viloyatda yashagan.
Bu yerda ko‘plab insonlar hayotdan, uy-joyidan ayrildi. Bizga xalqaro yordam kerak, — dedi Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili Sharofat Zaman.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ko‘plab qurbonlar va jarohatlanganlar munosabati bilan Afg‘oniston rahbariyatiga hamdardlik bildirdi.