Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Namangan shahar hokimi bir MCHJ rahbari bilan birgalikda fuqarodan ilgari eskirgan binolar joylashgan 35 sotixli maydonda ko‘p qavatli uy qurish huquqini olishda yordam berish hamda loyihani moliyalashtirish uchun 60 ming dollar talab qilgan.
Dastlab, MCHJ rahbari pul olayotganda qo‘lga olingan. Keyinchalik hokim o‘zining ishonchli vakili bo‘lgan hokimlik devonxonasi boshlig‘i orqali 60 ming dollarni ham olgan. Shu payt uning harakatlariga chek qo‘yildi.
Holat yuzasidan hokimga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U deputatlik daxlsizligidan mahrum qilinib, qamoqqa olindi. Shuningdek, hokimlik devonxonasi boshlig‘i va MCHJ rahbariga nisbatan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov amaldorning boshqa noqonuniy xatti-harakatlariga ham baho beradi.
Bundan tashqari, Toshkent viloyatining Zangiota tumanida yana bir korrupsiya holati aniqlandi. Tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi bosh mutaxassisi hokimlik ishchi guruhi orqali 8 sotix yer maydonini rasmiylashtirib berish evaziga fuqarodan 40 ming dollar talab qilgan.
U 20 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Tergov harakatlari davom etmoqda.