O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasida ikki qirg‘izistonlik halok bo‘ldi. Bu haqda 24.kg Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmatiga tayanib yozmoqda.

25-avgust kuni huquq-tartibot idoralariga Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Chotqol tumani Ayg‘ir-Jal qishlog‘ida yashovchi ikki kishi bedarak yo‘qolgani haqida ariza kelib tushgan. 28-avgust kuni ishchi uchrashuv doirasida O‘zbekiston tomoni chegara vakillari 15-avgust kuni O‘zbekiston hududida, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Qozog‘iston chegaralari tutashgan hududda O‘zbekiston chegara naryadi ikki nafar noma’lum fuqaroni topganini ma’lum qildi.

Ularni talabga bo‘ysunmagani uchun qo‘lga olishga urinishda chegarachilar qurol ishlatgan. Natijada ikkala fuqaro ham hayot bilan mos kelmaydigan o‘q jarohatlari olgan. 31-avgust kuni bedarak yo‘qolgan qirg‘izistonliklarning qarindoshlari O‘zbekistonga jo‘nab ketdi va halok bo‘lganlarning shaxsini tasdiqladi. 1-sentyabr kuni “Baymak” nazorat-o‘tkazish punkti orqali ikki fuqaroning jasadi Qirg‘iziston tomoniga topshirildi va ekspertiza uchun Kerben o‘likxonasiga olib kelindi.

Ikki davlat chegara idoralari rahbarlari 2 sentyabrdan boshlab voqea joyida birgalikda ko‘rib chiqishga kelishib oldilar. O‘zbekiston tomoni halok bo‘lgan fuqarolarning topilgan mol-mulki — uchta ot va chodirni Qirg‘izistonga topshirishga tayyorligini bildirdi.

Qirg‘izistonliklarning o‘limi tafsilotlari bo‘yicha keng qamrovli tekshiruv o‘tkazilmoqda, uning natijalari jamoatchilikka yetkaziladi.