Shavkat Mirziyoyev maktablarda o‘quvchilar, o‘qituvchi va murabbiylarni yangi o‘quv yili bilan tabrikladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Davlat rahbari mamlakatimiz mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan 10 mingdan ziyod maktablarda o‘tayotgan Bilimlar kuni bilan samimiy tabrikladi.
Ushbu qutlug‘ ayyomda “birinchi qo‘ng‘iroq” sadolari ostida ilk bor maktab ostonasiga qadam qo‘yayotgan 720 mingdan ziyod birinchi sinf o‘quvchilarini, ularning ota-onalarini chin qalbimdan qutlab, ezgu tilaklarimni izhor etishdan g‘oyat mamnunman.
Keyingi yillarda butun mamlakatimiz qatori maktablarimiz ham tom ma’noda Yangi O‘zbekistonning ramziga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi. Zero, maktab qanchalik obod va qulay bo‘lsa, butun jamiyat hayoti shunchalik farovon, mazmunli va ma’rifatli bo‘ladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident maktablarni yuqori ball bilan bitirgan ko‘plab o‘g‘il-qizlar mamlakatning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan bir qatorda nufuzli xorijiy universitetlarga o‘qishga kirib, jamiyatda munosib o‘rin egallayotgani, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shayotgani maktab, muallim va murabbiylarning o‘rni va ahamiyati tobora ortib borayotganidan dalolat berishini ta’kidladi.
Ishonchim komil, siz, azizlar ana shu ezgu an’analarni munosib davom ettirib, yanada yuksak bosqichga ko‘tarasiz. Shuni hech qachon unutmangki, maktab — bu bilim sehri, hayot kitobi, ustoz bergan har bir saboq bebaho ma’naviy xazinadir.
Siz o‘z oldingizga aniq maqsad qo‘yib, bor kuch-g‘ayratingiz, bilim va salohiyatingizni ishga solsangiz, ko‘zlagan maqsadingizga albatta erishasiz. Bu yo‘lda sizlarga sihat-salomatlik, ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Barchangizni yangi o‘quv yili bilan tabriklayman! — dedi Shavkat Mirziyoyev.