Afg‘onistondagi zilzila oqibatlari 12 mingga yaqin aholiga ta’sir ko‘rsatdi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga tayanib, TASS xabar bermoqda.
Jumladan, Kunar viloyatining Chavqay va Nurgal, Chapa Dara, Dara-ye-Pech va Vatapur tumanlari, shuningdek, Nangarhor viloyatining Jalolobod shahri, Behsud va Kuz Kunar tumanlari, Lag‘mon viloyatining Alingar, Mehtarlam va Qarg‘ayi tumanlarida 12 mingga yaqin odam tabiiy ofatdan bevosita jabr ko‘rgan.
Favqulodda yordam sifatida falokat hududiga 23 tonnadan ortiq dori-darmon va tibbiy buyumlar yuborildi, tashkilotning uchta mobil tibbiy brigadasi voqea joyiga yetib bordi.
Yordam yetkazishdagi asosiy to‘siqlar sifatida yo‘llarning to‘sib qo‘yilgani, shuningdek, zarar ko‘rgan aholi punktlarining uzoqligi bilan bog‘liq logistika qiyinchiliklari ko‘rsatilgan.