2025-yilning ikkinchi choragi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi 3,16 mlrd dollarga oshdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlarida keltirilgan.

O‘zbekiston davlat qarzining umumiy hajmi 43,37 mlrd dollarni tashkil etdi. Umumiy summadan davlat tashqi qarzi 36,41 mlrd dollarni, ichki qarzi esa 6,96 mlrd dollarni tashkil etdi.

Shu bilan birga, yil boshidan buyon davlat qarzining YIMga nisbati 35 foizdan 34,2 foizgacha kamaydi.

Tashqi qarz tarkibida 53% xalqaro moliya institutlariga to‘g‘ri keladi:

  • Osiyo taraqqiyot banki — 7,46 mlrd dollar (20 foiz);
  • Jahon banki — 7,84 mlrd dollar (22 foiz);
  • Islom taraqqiyot banki — 935 mln dollar (3 foiz);
  • Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki — 1,69 mlrd dollar (5%);
  • Xalqaro valyuta jamg‘armasi — 642 mln dollar (2 foiz);
  • Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki — 401 mln dollar (1 foiz).

31 foizi xorijiy hukumatlarning moliyaviy tashkilotlariga to‘g‘ri keladi: Xitoyning Eksport-import davlat banki va boshqa tashkilotlar oldidagi qarzdorlik 3,86 milliard dollar (11 foiz), Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va boshqa yapon tashkilotlari oldidagi qarzdorlik — 3,18 milliard dollar (9 foiz), Fransiya taraqqiyot agentligi oldidagi qarzdorlik — 1,16 milliard dollar (3 foiz).