2-sentyabr kuni Pekin shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat avvalida Rossiya yetakchisi davlatimiz rahbari va O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqini Mustaqillik kuni bilan samimiy tabriklab, farovonlik, barqaror taraqqiyot va ravnaq tiladi.
Oliy darajadagi avvalgi muloqotlar chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtai nazaridan O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik sur’atini saqlab qolishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilish muhim ekani ta’kidlandi.
Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida loyihalarni tayyorlash va amalga oshirishni jadallashtirish, hududlar o‘rtasida, shu jumladan tashkil etilgan qo‘shma sanoat parklari doirasida kooperatsiya aloqalarini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Gumanitar sohada, eng avvalo, madaniyat, san’at, fan va ta’lim yo‘nalishlarida samarali hamkorlik qilinayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.