Jurnalistika universiteti rektori Sherzod Qudraxo‘ja poytaxt aholisiga viloyatlardan poytaxtga o‘qishga kelgan, ammo yotoqxonaga joylasha olmagan talabalarni joylashtirishni taklif qildi. Bu haqda u o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yotoqxonalarda umumiy o‘rinlar yetishmovchiligi muammolari yildan-yilga yuzaga kelmoqda. Hamma oliygohlar ham o‘z talabalarini yotoqxona bilan ta’minlay olmaydi. Rektorning aytishicha, o‘qish davrida uy-joysiz qolgan ikki talabani o‘zi ham uyiga olib ketgan.

“Do‘stlar, uyingizda bo‘sh turgan yoki joylashish mumkin bo‘lgan bir xonangiz bo‘lsa ham, qora ko‘zlarimiz uchun uy eshiklaringizni ochishingizni so‘rayman. Zahiradagi uylaringiz yoki katta hovlilaringiz bo‘lsa, talabalarni qabul eting. Talaba kirgan joyga fayz kiradi, bilim, ilm-ma’rifat kiradi. U sizni og‘iringizni yengil qiladi, yumushlaringizga qarashadi, sizga sherik, hamsuhbat bo‘ladi. Shunday ekan, mehribon bo‘linglar, bag‘rinkeng bo‘linglar”, — dedi u.