Poytaxtda “Xavfsiz kibermakon” tezkor-profilaktik tadbiri davomida jinoiy guruhning besh nafar a’zosi qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda Kiberxavfsizlik markazi matbuot xizmati.

Idora ma’lumotlariga ko‘ra, jinoyatchilar Android asosidagi qurilmalar uchun mo‘ljallangan APK formatidagi virusli dasturlarni tarqatgan. Ular yordamida foydalanuvchilarning SMS-xabarlari, qo‘ng‘iroqlari va aloqa ma’lumotlariga kirish mumkin bo‘lgan.

Qo‘lga olinganlarning uylari va mobil qurilmalari tintuv qilinganda, ularning xatti-harakatlaridan 133 nafardan ortiq fuqaro jabrlangani ma’lum bo‘ldi. Talon-toroj qilingan mablag‘larning umumiy miqdori qariyb 3 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Bundan tashqari, zararli ilovalar shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash bilan shug‘ullangan 11 nafar chet ellik a’zolari bo‘lgan Telegram guruhlari bilan bog‘liqligi aniqlandi.

Qo‘lga olinganlarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.