“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov shahar IIB binosida Namangan aholisi qiynoqqa solingani haqida ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 14-avgust kuni 34 yoshli erkak IIBga olib ketilgan. Erkakning aytishicha, profilaktika inspektori va boshqa xodimlar uni ikki sutka davomida qiynab, og‘ir tan jarohati yetkazgan. Keyinroq uni mayda bezorilikda ayblab, sudga olib borishgan, ammo ayblov o‘z tasdig‘ini topmagan va ish rad etilgan.

Namangan viloyati IIB erkakning qo‘lga olinganini tasdiqladi. U oilaviy kelishmovchilik tufayli IIBga olib ketilgan, “profilaktik suhbatdan so‘ng uyiga javob berilgan”. Oradan ikki kun o‘tib, fuqaro sog‘lig‘i keskin yomonlashgani sababli tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan. Mazkur holat yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi ham munosabat bildirdi. Holatni o‘rganish uchun Ichki ishlar vazirligi rahbariyati nazorati ostidagi ishchi guruh Namangan viloyatiga yuborildi. Mas’ul xodimlar IIB xodimlarining xatti-harakatlarini joylarda huquqiy tekshiruvdan o‘tkazadi, tekshiruv yakunlari bo‘yicha aybdorlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘riladi.

Inson huquqlari bo‘yicha vakil idorasining ma’lum qilishicha, Chust tumani IIB Jamoat xavfsizligi xizmati profilaktika inspektori o‘z xizmat vazifalariga sovuqqonlik va hurmatsizlik bilan yondashgani, ishonib topshirilgan hududda asossiz ravishda bo‘lmagani, shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlarining kasb va xizmat etikasi qoidalarini qo‘pol ravishda buzgani uchun lavozimidan ozod etilgan.