O‘zbekiston Senati jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tayotgan mahkumlar bilan tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun loyihasini ma’qulladi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Hujjat bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Jinoyat-ijroiya kodekslariga o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda. Jinoyat kodeksi shaxs tuzalish yo‘liga o‘tganligi munosabati bilan jazoni o‘tash muddatini qisqartirishni nazarda tutuvchi 74-1-modda bilan to‘ldiriladi.

Belgilanishicha, mahkumlar tomonidan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tasdiqlangan mahkumlarda to‘g‘ri ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan adabiyotlar ro‘yxatidagi kitoblar o‘qilgan va ushbu kitoblar o‘qilganligi tasdiqlangan taqdirda, Komissiya xulosasiga asosan har bir o‘qilgan kitob uchun jazoni o‘tash muddati uch kunga, biroq yiliga 30 kundan oshmagan muddatga qisqartirilishi mumkin.

Yuqorida ko‘rsatilgan norma faqat muddatidan ilgari shartli ozod qilish nazarda tutilgan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi, umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinganlar bundan mustasno. Qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartirishlar jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan 13,5 mingdan ortiq mahkumlarga nisbatan tatbiq etiladi.