“Adolatli Rossiya — haqiqat uchun“” partiyasi rahbari Sergey Mironov migrantlarni nazorat qilishning yangi mexanizmini taklif qildi. Unga ko‘ra, xorijliklarga Rossiya chegarasini kesib o‘tishda shaxsiylashtirilgan SIM-kartalarni berish taklif qilindi. Bu haqda TASS nashri yozmoqda.

Shuningdek, rasmiylarga muhojirlarga chegarani kesib o‘tishda berilgan SIM-kartalardan tashqari boshqa SIM-kartalardan foydalanishni taqiqlash taklif qilindi. Sergey Mironovning fikricha, ko‘rsatilgan qoidabuzarlik uchun mamlakatdan chiqarib yuborish ko‘rinishidagi javobgarlikni belgilash kerak.

Migrantlarga berilgan SIM-kartalarni davlat xizmatlariga ulash, shuningdek, ulardan foydalanish va joylashuvi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tezkor monitoring qilish uchun Ichki ishlar vazirligi, FXX va Raqamli texnologiyalar vazirligining axborot tizimlariga integratsiya qilish taklif etilmoqda.

Deputatning fikricha, migratsiya nazoratini murakkablashtiruvchi omillardan biri chet el fuqarolarining qalbaki yoki anonim SIM-kartalardan foydalanish amaliyotidir.

Sergey Mironov Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustinga tegishli maktub yo‘lladi.