Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryoda ayol yangi tug‘ilgan chaqalog‘i bilan bir necha oy davomida molxonada ushlab turilgani, shuningdek, turmush o‘rtog‘i va uning qarindoshlari tomonidan muntazam ravishda tahqirlangani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Hokimlik holatga izoh berdi.
26-avgust kuni Uzun tumani “Obizarang” mahallasi xotin-qizlar faoli vaziyatdan xabar topib, zudlik bilan ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Voqea joyiga yetib kelgan mahalla profilaktika inspektori xonadon egalarining qarshiligiga qaramay, yordamchi xonaning eshigini buzib kirib, 43 yoshli xonadon egasining turmush o‘rtog‘i bo‘lgan 27 yoshli ayolni, shuningdek, ularning besh oylik o‘g‘lini ozod qilgan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, erkak va uning yaqin qarindoshlari bir necha oy davomida qizning rivojlanish xususiyatlari, nutqida nuqsoni borligi va fikrlarini to‘liq ifoda eta olmasligi sababli unga muntazam ravishda ruhiy bosim o‘tkazib kelgan.
Ayol va bola tibbiyot muassasasiga yetkazilgan. Ayni paytda jabrlanuvchi tuman shifoxonasining jarrohlik bo‘limida, chaqaloq esa tug‘ruq bo‘limida davolanmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi (Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) 7-qismi “a” va “e” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyatga aloqador bo‘lgan erkak va uning uch nafar yaqin qarindoshi gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olingan.