Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurish uchun yer maydonlari belgilandi Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi matbuot xizmatining xabar berishicha, loyiha uchun 1309,76 gektar yer maydoni ajratiladi.

Shundan 790,76 gektari O‘rta Chirchiq tumanida, yana 519 gektari Quyi Chirchiq tumanida. Yerlar tarkibida sug‘oriladigan maydonlar 1075,45 gektarni, bog‘lar 112,69 gektarni, yaylov va pichanzorlar 0,65 gektarni, boshqa yerlar 120,97 gektarni tashkil etadi.

Bo‘lajak aeroport poytaxtning amaldagi havo uzelidan 17 km janubda joylashadi. Birinchi bosqichda yiliga 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish va bir vaqtning o‘zida 169 tagacha samolyotni qabul qilish imkoniyati yaratiladi. Yangi xabning o‘tkazuvchanlik qobiliyati soatiga 40 tagacha reysni tashkil etadi.

Terminal 14 ta teletramp bilan jihozlanadi, keyinchalik ularning soni 45 taga yetkaziladi. Yo‘lovchilar uchun asosiy xizmatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri terminal binosida qulay kirish imkoniyati bilan ta’minlangan.

Loyihani davlat-xususiy sheriklik shaklida amalga oshirish rejalashtirilgan. Qurilish qiymati va xususiy investorlar ro‘yxati hozircha oshkor etilmayapti.