4-sentyabr kuni Buxoroda besh nafar ishchi kanalizatsiya kollektorida cho‘kib ketdi. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

Organ ma’lumotlariga ko‘ra, ishchilar Buxoro shahrining 7-mittitumanida qurilayotgan ko‘p qavatli uyni Bog‘idasht qishlog‘i hududidan o‘tuvchi markaziy kanalizatsiya kollektoriga ulash bilan shug‘ullangan.

“Fayz binokor Oltiariq” korxonasi xodimlari viloyat suv ta’minoti va kanalizatsiya muhandislik kompaniyasining ruxsatisiz lyukni ochib, quvurga tushgan. Natijada kuchli suv oqimi ularni ichkariga tortib ketgan.

Uch nafar marhumning jasadi “Zarmanak” mahallasidagi nasos stansiyasi yaqinidagi kollektordan topilgan, yana ikki kishini qidirish ishlari davom etmoqda.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov olib borilmoqda.