5-6-sentyabr kunlari Farg‘ona vodiysidagi gaz quyish shoxobchalarida gaz ta’minoti cheklanadi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, mutaxassislar tomonidan Ohangaron—Pungon magistral gaz quvurining tog‘li hududdan o‘tuvchi qariyb 22 km uzunlikdagi qo‘shimcha qismi qurib bitkazilgan.

Ushbu yangi uchastkani tarmoqqa ulash bo‘yicha montaj ishlari olib borilishi munosabati bilan Ohangaron—Pungon magistral gaz quvuri orqali tabiiy gaz ta’minoti 5-sentyabr kuni soat 12:00 dan boshlab 36 soat muddatga to‘xtatiladi. Ta’mirlash ishlari davrida Farg‘ona vodiysi viloyatlaridagi AGTKSH va yirik iste’molchilarga gaz yetkazib berish vaqtincha cheklandi.

“O‘zbekneftgaz”ning ma’lum qilishicha, yoqilg‘i taqchilligining oldini olish maqsadida 2 ming tonna benzin savdoga qo‘yilgan. Shu kungacha vodiyga sutkasiga 250-300 tonna yetkazib berilar edi. Bundan tashqari, viloyatdagi neft bazalari 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazildi.