Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan chiqdi Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Davlatimiz rahbari mutasaddi idoralarga fermer va dehqonlarga yanada qulay sharoit yaratish, soliq yukini kamaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shu bois Xalqaro valyuta jamg‘armasi, xorijiy va mahalliy ekspertlar ishtirokida agrar sohani “soyadan” olib chiqish bo‘yicha takliflar tayyorlandi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab fermer va dehqonlarga o‘z mahsulotini sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘i “nol” stavkada qo‘llaniladi. Ushbu imtiyoz paxta va g‘alladan tashqari sotilgan meva-sabzavot, go‘sht, sut, tuxum va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga nisbatan qo‘llaniladi.
Bunda urug‘lik, o‘g‘it, yoqilg‘i, transport, elektr energiyasi va boshqa ishlab chiqarish xarajatlari uchun to‘langan QQSni qaytarish amaliyoti saqlab qolinadi. Buning natijasida fermer va dehqonlar ixtiyorida yiliga qo‘shimcha 300 milliard so‘mga yaqin mablag‘ qoladi. Yana 400 milliard so‘mni ular yangi imtiyoz orqali qaytarib olishi mumkin bo‘ladi.
Umuman olganda, bu chora-tadbirlar tarmoqda shaffof ishlashni rag‘batlantiradi, yirik sanoat plantatsiyalari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash korxonalarini ko‘paytirishga zamin yaratadi.
Mutasaddilarga yangi tartibni fermer va dehqonlarga tushuntirish, uni samarali qo‘llashni yo‘lga qo‘yish, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni yanada rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.