Toshkent shahri va mamlakatimizning boshqa hududlarida qurilishga berilgan yashil hududlar, sport va bolalar maydonchalarini qaytarish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Tegishli vazifani prezident belgilab berdi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” reportajida so‘z boradi.

Bosh prokuratura boshqarmasi prokurori Mansur Ro‘zimovning ma’lum qilishicha, ayni paytda ishchi guruhlar tomonidan yer uchastkalarini asl holatiga qaytarish choralari ko‘rilmoqda. Mirzo Ulug‘bek tumanida bunday hududlardan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 56 ta holat aniqlangan.

Masalan, tumandagi mahallalardan birida 27 sotix yer uchastkasi tuman prokuraturasi qarori bilan davlat zaxirasiga qaytarilgan. Hozirda 2 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Yunusobod, Yakkasaroy va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida jami 374 ta holat aniqlanib, har biri bo‘yicha o‘rganishlar olib borilmoqda.

“O‘zbekkosmos” hududlarning aerokosmik suratlarini dolzarb kosmik suratlar bilan solishtiradi va aniqlangan holatlarni prokuratura organlari va ishchi guruhlar a’zolariga taqdim etadi.

Agentlik imkoniyatlaridan kelib chiqib, 2018-2019-yillardagi aerokosmik suratlar tahlil qilindi. Ularda bolalar, sport maydonchalari, yashil hududlar aniq belgilab qo‘yiladi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, bunday holatlar juda ko‘p, — dedi agentlik vakili Saidmurod Saidxo‘jayev.

Ishchi guruh a’zolari bunday ishlarni poytaxtning barcha tumanlari va O‘zbekiston hududlarida davom ettiradi.