O‘zbekiston 2026-yilning mart-dekabr oylarida Qozog‘istonga 900 mln kVt/soat elektr energiyasi yetkazib beradi. Bu haqda Qozog‘iston Energetika vazirligi Cho‘lponota muzokaralari yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi.

Hajm elektr stansiyalarini ta’mirlash paytida Qozog‘istonning janubiy energiya zonasida prognoz qilinayotgan tanqisliklarni qoplash uchun mo‘ljallangan.

Cho‘lponotada O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston energetika va suv xo‘jaligi idoralarining uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, unda mintaqadagi suv-energetika muvozanatini tartibga soluvchi qator protokollar imzolandi.

Asosiy hujjatda Qozog‘iston va O‘zbekistondan Qirg‘izistonga elektr energiyasi yetkazib berish evaziga To‘xtag‘ul suv omboridan suv chiqarilishini ta’minlash bo‘yicha tomonlarning majburiyatlari qayd etilgan.