Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqanddagi Amir Temur maqbarasi yaqinida uchta chinor kesilgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Holat yuzasidan viloyat Ekologiya boshqarmasi munosabat bildirdi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, daraxtlar uzoq yillar davomida tashqi ta’sirlar tufayli chidamliligini yo‘qotgan: tanalarida bo‘shliqlar paydo bo‘lgan, ular yo‘l tomon 40 darajaga egilgan, bu esa aholi va sayyohlar uchun xavf tug‘dirishi mumkin.
Kesishga ruxsatnoma Samarqand Obodonlashtirish boshqarmasi murojaati va FVB xati asosida 22 avgust kuni berilgan. Kesilgan har bir daraxt o‘rniga 10 tadan qimmatbaho navli ko‘chatlar ekilib, ular ikki yil davomida albatta parvarish qilinishi kerak.
Yaqin kunlarda yangi chinor ko‘chatlari ekilib, Amir Temur maqbarasi atrofida yashil hudud barpo etiladi.