Maktabdan tashqari ta’lim sifatini oshirish va o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi xabar berdi.
Viloyat va tumanlarda 219 ta “Barkamol avlod” maktablari, “Yoshlik” sport jamiyati, Talaba yoshlar markazi va O‘zbekiston bolalar tashkiloti negizida “Kelajak” markazlari tashkil etiladi
Ular maktablar bilan birgalikdagi maqsadli ishlarni faollashtiradi va o‘quvchilarni muhandislik, fan, madaniyat, san’at, kitobxonlik, sport va ekologiya to‘garaklariga jalb qiladi. Tizim barcha maktablarni qamrab oladi, ularning har birida o‘quvchilarning qobiliyati va qiziqishidan kelib chiqib, til, kasb-hunar, muhandislik, ijodiy, badiiy va sport to‘garaklarini tashkil etishga mas’ul bo‘lgan maslahatchi lavozimi paydo bo‘ladi.
Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari sinf rahbarlari va maktab psixologlari bilan birgalikda xulq-atvorida salbiy o‘zgarishlar bo‘lgan o‘quvchilarning ta’lim va oilaviy muammolarini o‘rganib, ularni bartaraf etishga ko‘maklashadi.
Tumandagi yoshlar yetakchilari o‘quvchilarning maktabdan tashqari vaqtini mazmunli o‘tkazishiga mas’ul bo‘ladi. Maktablarda o‘quvchilarning to‘garak, sport, volontyorlik va olimpiadalardagi yutuqlarining “raqamli portfeli” shakllantiriladi va elektron sertifikatda aks ettiriladi.