Shavkat Mirziyoyev maktabgacha va maktab ta’limi sohasini isloh qilish bo‘yicha yig‘ilishda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining barcha o‘rinbosarlari lavozimidan ozod etilishini ma’lum qildi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, maktabgacha va maktab ta’limida o‘zgarishlar bo‘lyapti, dasturlar ishlayapti, natijalar bor.
Lekin professional va oliy ta’limga mas’ul mutasaddilar ta’limdagi islohotlarning mazmun-mohiyatini hali to‘liq anglab yetgani yo‘q, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu munosabat bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining barcha o‘rinbosarlari — birinchi o‘rinbosar Shohrux Daliyev, o‘rinbosarlar Otabek Mahkamov va Sarvarxon Buzrukxonov lavozimidan ozod etilgani ma’lum qilindi.
Prezident farmoni bilan Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori Adham Xudayqulov va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Sharof Rajabboyev yangi ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi.
Bundan buyon maktabgacha va maktab ta’limi vazirlari, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirlari, ularning o‘rinbosarlari, hokimlar profilaktika va proaktiv ishlarga o‘tishi, ta’limning barcha sohalarida keskin o‘zgarishlarni amalga oshirishi zarur.