O‘zbekistonda uy-joy quruvchilari bolalar bog‘chalarini aholi sonidan kelib chiqib qurishni boshlaydilar. Bu haqda prezident ishtirokidagi yig‘ilishda so‘z bordi.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, so‘nggi 8 yilda bog‘cha o‘rinlari 2,5 milliontaga ko‘paytirilib, qamrov 78 foizga yetkazilgan. Har yili yana 20 mingta shunday joy tashkil etish rejalashtirilgan.

Yangi ko‘p qavatli uylarni qurishda aholi soniga qarab, bog‘chalar barpo etish zarurligi inobatga olinadi. Bog‘chalarda ishlaydigan o‘rta maxsus ma’lumotli mutaxassislar uchun dual ta’lim va malaka oshirish tizimi joriy etiladi.

Maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman va shaharlarda xususiy sektor ishtiroki qo‘llab-quvvatlanadi. Maktab va bog‘chalarning bo‘sh turgan maydonlarida davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘chalar qurishga ruxsat berish rejalashtirilmoqda.

Tadbirkorlarga yer uchastkalari faoliyati yo‘nalishini saqlab qolish sharti bilan bepul beriladi hamda 7 yilgacha muddatga imtiyozli kreditlar ajratiladi.

2026–2028-yillarda mamlakatimizning 14 ta hududida bolalarni innovatsion rivojlantirish markazlariga ega yangi avlod “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini tashkil etish rejalashtirilgan.