Angrenda yuz bergan mudhish YTH oqibatida 11 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda UzNews Farg‘ona viloyati hokimligi ma’lumotlariga tayanib yozmoqda.
Hokimlik hujjatida halok bo‘lganlar va jabrlanganlarning oilalariga tibbiy, moddiy, psixologik va boshqa zarur yordam ko‘rsatish haqida so‘z boradi.
Xususan, halok bo‘lganlarni dafn etish bilan bog‘liq kompleks chora-tadbirlarni tashkil etish, fojia sabablarini inobatga olgan holda transport infratuzilmasini auditdan o‘tkazish, shuningdek, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganib, uni takomillashtirish va yuk tashish qoidalarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar tayyorlash topshirildi.
7-sentyabr kuni A-373 Toshkent—O‘sh trassasida dahshatli avariya sodir bo‘ldi. Shacman sement tashuvchisi boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida temir yo‘l kesishmasida to‘xtab turgan ikkita yuk mashinasi va beshta avtomobil bilan to‘qnashib ketgan. To‘qnashuvda yong‘in kelib chiqqan va voqea joyiga yetib kelgan qutqaruvchilar tomonidan o‘chirilgan.
Hodisa tafsilotlarini o‘rganish, halok bo‘lganlar va jabrlanganlarning oilalariga yordam ko‘rsatish, shuningdek, huquqiy baho berish uchun bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida hukumat komissiyasi tuzildi.