O‘zbekistonda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha qator chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Tegishli qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi paytlarda jamoat joylarida noqonuniy ravishda sovuq qurol olib yurish holatlari keskin ko‘payib, jamoat xavfsizligi, fuqarolarning osoyishta hayoti va huquq-tartibotni saqlashga tahdid solmoqda.
Qonun loyihasidagi takliflar shu kabi huquqbuzarliklarni takroran sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlik choralarini kuchaytirishni nazarda tutadi.
Shuningdek, oilaviy zo‘ravonlik va tazyiq o‘tkazish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga qurol olish huquqini berishni taqiqlash, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxslardan mavjud qurolni ichki ishlar organlari tomonidan vaqtincha olib qo‘yish tartibini nazarda tutuvchi norma taklif etilmoqda.
Qonun loyihasi bilan taklif etilayotgan yana bir muhim o‘zgarish — narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni davolash tartibi bilan bog‘liq masala, xususan, loyihada ilgari hech bo‘lmaganda bir marta ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxslarni sud qarori bilan davolanishga yuborish imkoniyati nazarda tutilmoqda.
Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi huquqbuzarliklarning oldini olish, mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini yanada samarali himoya qilishga xizmat qiladi. Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.